“Daryo”da Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonovning ko‘rsatmasi bilan 12 yilga qamalgan samarqandlik tadbirkor Prezidentdan najot kutayotganligi to‘g‘risida maqola e’lon qilingandi.
Sherzod Burhonov 2017-yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a, v”, 168-moddasi 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi, 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 12 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev Samarqand viloyati IIB 37-sonli manzil koloniyasida jazoni o‘tayotgan mahkum Sherzod Burhonov bilan suhbatlashdi.
1993-yildan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Sherzod Burhonov 2001-yilda “Mastura Almaz baxmal” to‘quv korxonasini ishga tushirib, 200 kishini ish bilan ta’minlagan. 2010-yilga kelib tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida 150 kishiga mo‘ljallangan “Almaz plaza” restorani, oradan 4 yil o‘tganidan so‘ng, ya’ni 2014-yilda to‘y marosimlarini o‘tkazish uchun 500 kishiga mo‘ljallangan “Almaz Zolotoy dvorets” restoranini ishga tushirgan.
— Tinimsiz mehnat evaziga tadbirkorlik ishlarim rivojlanib bordi. Ammo 2016-yilning 29-iyul kuni soat taxminan 10:00 atrofida shaxsiy avtomobilimda ishga ketayotgan vaqtimda qora niqob kiygan ichki ishlar xodimlari shahar markazida to‘xtatib, qo‘llarimga kishan solib, Samarqand viloyati IIBga olib keldi, — deydi Sherzod Burhonov. — To‘g‘risi, bu holatdan hayron bo‘ldim. Tergovchi, katta leytenant San’at Odilovdan nima sababdan bu yerga olib kelganini so‘radim. Chunki IIB tomonidan biror marta chaqirmasdan, ogohlantirmasdan qo‘llarimga birdan kishan solib olib kelinganimni tushunmadim.
Sherzod Burhonovning aytishicha, San’at Odilovdan bu haqda so‘raganida tergovchi do‘q-po‘pisa qilib, uni anchadan buyon kuzatib yurganligi, ustidan ko‘pchilik shikoyat qilgani, unga qarshi ko‘rsatma beradigan shaxslar borligini aytgan.
— Tergovchi ustimdan 15 ta ariza tushganini aytib, kech soat 22:00 gacha ushlab turdi. Soat 22:00 atrofida advokatim Ozoda Muxtorova keldi. Tergovchi San’at Odilov avvaldan tayyorlangan menga tanish bo‘lgan ikki kishi, ya’ni men yaqindan taniydigan Baxtiyor Sirojov va o‘zimning jigarim, katta akam Sanjar Burhonov tomonidan menga asossiz ayblovlarni qo‘yishdi, — deydi Sherzod Burhonov.
Ma’lum bo‘lishicha, Sherzod Burhonov 2012-yilda Baxtiyor Sirojovning otasidan “Almaz zolotoy” restoranining yarmini, ya’ni 29-“A” uyni 120 ming dollarga sotib olgan. 2016-yilda ushbu tashlandiq joy o‘rnida “Almaz zolotoy dvorets” restorani qurilgan. Oradan 4 yil o‘tgan, 2012-yil 20-iyul kuni Samarqand shahar, Beruniy ko‘chasida joylashgan 11-son davlat notarial idorasining notariusi Mubin Jo‘rayev tasdiqlangan, davlat kadastriga ega hujjatlar bo‘lsa-da, Baxtiyor Sirojov kelib 120 ming dollarni olmaganligini ma’lum qilgan. Natijada tergovchi tomonidan 168-modda bilan ayblov qo‘yilgan.
— Ikkinchi arizachi — o‘zimning akam Sanjar Burhonov kimgadir pora bermoqchi bo‘lganligimni bayon qilgan. Ya’ni 211-modda bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 211-modda bo‘lganda aniq 210-modda bo‘lishi kerak edi. Biroq akamning “noma’lum bo‘lgan qandaydir mansabdor shaxsga pul oborib berdim”, degan ko‘rsatmasi asosida tergov jarayonida tergovchi menga 28 orqali 211-modda bilan ayb qo‘yishni uddasdan chiqdi, — deydi Sherzod Burhonov. — Shu bilan San’at Odilov o‘sha kungi tergovni tugatib, meni vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga yubordi.
Sherzod Burhonovning ta’kidlashicha, u tergovchi San’at Odilovning dastlabki so‘rog‘idan keyin 2 oy davomida qamoqda saqlangan. 2 oydan so‘ng tergovga olib kelinib, yuqorida qayd etilgan 168 va 211-moddadan tashqari yana 6 ta modda asosida ayblov borligi bildirilgan.
— San’at Odilov “yana 6 ta modda qarindoshlaringizdan sizga sovg‘a. Yugurganingizning foydasi yo‘q, baribir qamalasiz. Buni orqasida qanaqangi kuch turganini tasavvur ham qilolmaysiz. Men shunchaki topshiriqni bajaruvchi askarman. Qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, sizga 8-9 ta modda qo‘yiladi. Shunda ham agar suddan quruq chiqsangiz, baribir boshqa ayb qo‘yamiz. Gap bitta, siz qamalasiz. Rad etasizmi, tergovdagi xulosalarga qo‘l qo‘ymaysizmi, sizni majburlaymizmi, farqi yo‘q. Shuning uchun qamalishga tayyor bo‘ling” deb aytdi, — deydi Sherzod Burhonov. — Menga do‘q-po‘pisa qilib, qamalishimdan tashqari qo‘limdagi mol-mulklar, “Almaz zolotoy dvorets” va “Almaz plaza” restorani, 200 kishi ishlaydigan “Mastura Almaz baxmal” ishlab chiqarish korxonasi, shuningdek, birovlarga tegishli bo‘lgan 6 ta avtomobilning (2 ta Captiva, 1 ta Malibu, 3 ta Mazda) hammasi musodara bo‘lishini aytdi. Men esa “Mayli, nima qilsangiz qiling. Bu sizlarning qo‘llaringizda bo‘lsa, marhamat” dedim.
— Shundan so‘ng meni qamoqqa yuborishdi. Oradan 10-15 kun o‘tib yana tergovga olib kelishdi. San’at Odilov yana o‘sha gaplarini takrorladi. Buning ortida Samarqand viloyatining o‘sha paytdagi prokurori Bohodir Dehqonov, uning orqasida yana bir katta odam, ya’ni Milliy xavfsizlik xizmatining birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov turganligini aytdi. Men uning familiyasini keyinroq bildim, — deydi Sherzod Burhonov.
Sherzod Burhonovning aytishicha, hali ayblov qo‘yilmasdan, tergov qanday tugashidan qat’iy nazar, qamalishi aniq bo‘lgan. Tergovchi sud jarayoni boshlanmasdan uni 12 yil 6 oy muddatga qamalishini, qolaversa, mol-mulklari musodara bo‘lishini aytgan.
— Ish sudga oshganidan so‘ng Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Bahodir Aliqulov ishni olib bordi. Toshkentdan ikki nafar, Samarqanddan uch nafar advokat ishtirok etib, har bir hujjatlarni asoslantirib ko‘rsatsak ham u sudni bir tomonlama olib bordi, — deydi Sherzod Burhonov. — Hattoki birovlar mulki bo‘lgan 6 ta avtomobil egalari sudga kelib mashinalarini qaytarib berishini, ularning menga aloqasi yo‘qligini aytishiga qaramasdan, hatto sud jarayoniga qabul qilmasdan avtomobillarni musodara qilib yubordi.
“Almaz zolotoy dvorets” restorani Farida Burhonovaning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lib, restoran uning mulki hisoblanadi. Farida Burhonova restoranni boshqa bir shaxsga ijara shartnomasi asosida bergan. Tekshiruvdan so‘ng garchi ijara shartnomasida keltirilgan davlat soliqlarini to‘lagan bo‘lsa-da, ammo baribir restoran musodara qilib yuborilgan.
— Bo‘ynimga tuhmat bilan hech qanday isbotsiz 1 milliard 600 million so‘mlik qarzdorlikni ilib qo‘ydi. Ammo musodara qilishda “Almaz zolotoy dvorets” restoranini 4,5 milliard so‘mga narxlab musodara qilyapti. Bundan tashqari, birovlarga tegishli bo‘lgan 900 million so‘mlik 6 ta avtomashinani hech qayerga ko‘rsatmasdan musodara qilib yubordi, — deydi Sherzod Burhonov. — Sudda sudyaga o‘sha pullarni to‘lashimni tushuntirdim. Ammo birovlarning mol-mulkiga tegmasligi, ularni musodara qilmasligini aytganimda “yo‘q, bu narsa tepadan buyurilgan” deb aytdi. Qiziq jihati, tergovchi San’at Odilov ham tergov paytida mol-mulkim musodara bo‘lishi aytgandi.
Musodara qilingan mulk evaziga 4,5 milliard so‘mdan 1 milliard 600 million so‘m davlatga keltirilgan zarar uchun to‘langan ekan. Qolgan pul qayerga ketdi? 6 ta avtomobilning pullari-chi? Qaysi hisob raqamiga o‘tib ketdi? Hozirga qadar hech kimga bu narsa aniq emas.
— Bu tuhmatlar hasad tufayli menga yaqin bo‘lgan o‘rtoqlarim tomonidan amalga oshirildi. Men ularni oldindan ham tanir edim. Buning buyurtmachilari o‘zini tadbirkor deb bilgan Ahmad Rahimov va Zafar Burhonov boshchiligida Sanjar Burhonov, Baxtiyor Sirojov hamda Umid Mansurov bo‘lgan, — deydi Sherzod Burhonov.
Sherzod Burhonovning aytishicha, Umid Mansurov aslida AQShda ishlab yurgan. 2016-yilning 29-iyul kuni qamoqqa olinganidan so‘ng uni AQShdan Ahmad Rahimov va Zafar Burhonov chaqirib olib, unga qarshi ko‘rsatma bergan. Natijada tergovchi 165-modda 2-qism, ya’ni tovlamachilik aybini qo‘ygan.
— Go‘yoki men 2014-yilda uni qo‘rqitib, 15 ming dollar pulini olgan ekanman. Aslida esa bunday voqea bo‘lmagan. Yana tuhmatlar qilib, tergov jarayonida tushuntirish xati yozib, men bilan yuzlashtiruv tergovini o‘tkazmasdan AQShga qochib ketdi. Men sudda ham Umid Mansurov bilan yuzlashtirishlarini so‘radim. Chaqiringlar dedim. Ammo bu iltimosimni sudya Bahodir Aliqulov bajarmadi. Sudya Umid Mansurovning so‘zlari rost deb, AQShdan qanaqadir qog‘oz kelganini aytib, 165-modda 2-qism bilan 3 yil muddat qo‘shildi. Mana shunaqa dedi-dedi, aytdi-aytdilar bilan meni 12 yil 6 oyga qamatib yubordi, — deydi Sherzod Burhonov.